Hozirda asalning bir qancha turlari mavjud bo‘lsada, ulardan inson organizmiga ko‘proq foydali turini ajratib olish qiyin. Asal sifatini aniqlash uchun qadimdan turli usullar qo‘llanilgan. Masalan, asal qoshiqdan uzilmay cho‘zilib oqsa yoki olovga tutilganida yonsa, sifatli hisoblangan. Aholi orasida buning yanada osonroq usuli bor: xarid qilishdan oldin bir tomchi asalga kimyoviy qalam surtib ko‘rilganda tomchida moviy-binafsha rang paydo bo‘lmasa, demak, u haqiqiy asal hisoblanadi. So‘nggi paytlarda rangi va hidi jihatidan toza asaldan farq qilmaydigan “shirinlik”ni asal o‘rnida sotuvchilar ko‘payib qolgani hech birimizga sir emas. Ammo bunday holatlardan saqlanish va asal tarkibidagi yot narsalarni aniqlashning bir necha yo‘llari mavjud:
l asal solingan naysimon shishaga distillangan yoki yomg‘ir suvi quyiladi. Asal tezda erib, aralashmalar o‘z-o‘zidan ajralib qoladi;
l asal suvda eritilib, bir necha tomchi yod tomiziladi. Uning tarkibida kraxmal yoki un bo‘lsa, eritma zangori tus oladi;
l asalga shakar qiyomi qo‘shilganini aniqlash uchun bir choy qoshiq asalni yarim stakan suvda eritib, ozroq miqdorda kumush nitrat (lyapis) eritmasidan qo‘shilganda, stakan tubida oq cho‘kma hosil bo‘ladi.
Toza asalning shifobaxsh xususiyatlarini saqlash uchun qalay, temir, tunuka, mis idishlarda emas, balki, rangli va shisha idishlar, shuningdek, og‘zi mahkam yopiladigan chinni, sopol buyumlarda saqlash lozim. Bundan tashqari, quyosh nuri va isitish moslamalaridan uzoqroqda saqlagan ma’qul.
Azimjon JO‘RAEV, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Manba: Uzssgzt.uz